O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligi

Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

3-modda. Ushbu Qonunning qo‘llanilish sohasi

Ushbu Qonunning amal qilishi shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish va ularni himoya qilish chog‘ida qo‘llaniladigan ishlov berish vositalaridan, shu jumladan axborot texnologiyalaridan qat’i nazar yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.

Ushbu Qonunning amal qilishi:

jismoniy shaxs tomonidan shaxsga doir ma’lumotlarga shaxsiy, maishiy maqsadlarda va o‘z kasbiy yoki tijorat faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan holda ishlov berish;

Milliy arxiv fondi hujjatlarini va shaxsga doir ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan boshqa arxiv hujjatlarini shakllantirish, saqlash va ulardan foydalanish;

davlat sirlarini tashkil etadigan ma’lumotlar jumlasiga kiritilgan shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish;

tezkor-qidiruv, razvedka va kontrrazvedka faoliyati, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquq-tartibotni saqlash jarayonida, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish doirasida olingan shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

4-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

shaxsga doir ma’lumotlar – muayyan jismoniy shaxsga taalluqli bo‘lgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qog‘ozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot;

shaxsga doir ma’lumotlar sub’ekti (sub’ekt) – shaxsga doir ma’lumotlar o‘ziga taalluqli bo‘lgan jismoniy shaxs;

shaxsga doir ma’lumotlar bazasi – tarkibida shaxsga doir ma’lumotlar mavjud bo‘lgan axborot tizimi tarzidagi ma’lumotlar bazasi;

shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish – shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish bo‘yicha bir harakatni yoki harakatlar majmuini amalga oshirish;

shaxsga doir ma’lumotlar bazasining operatori (operator) –shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishni amalga oshiruvchi davlat organi, jismoniy va (yoki) yuridik shaxs;

shaxsga doir ma’lumotlar bazasining mulkdori (mulkdor) –shaxsga doir ma’lumotlar bazasiga egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqiga ega bo‘lgan davlat organi, jismoniy va (yoki) yuridik shaxs;

uchinchi shaxs – sub’ekt, mulkdor va (yoki) operator bo‘lmagan, ammo shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish bo‘yicha holatlar yoki munosabatlar orqali ular bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday shaxs.

5-modda. Ushbu Qonunning asosiy prinsiplari

Ushbu Qonunning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

inson va fuqaroning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etish;

shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish maqsadlari va usullarining qonuniyligi;

shaxsga doir ma’lumotlarning aniqligi va ishonchliligi;

shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi va himoya qilinganligi;

sub’ektlar, mulkdorlar va operatorlar huquqlarining tengligi;

shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligi.

2-bob. Shaxsga doir ma’lumotlar sohasini davlat tomonidan tartibga solish

6-modda. Shaxsga doir ma’lumotlar sohasini davlat tomonidan tartibga solishni amalga oshiruvchi organlar

Shaxsga doir ma’lumotlar sohasini davlat tomonidan tartibga solish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.

7-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

shaxsga doir ma’lumotlar sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;

shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi;

Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reestrini yuritish tartibini belgilaydi;

shaxsga doir ma’lumotlar bazalarini Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reestrida ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini tasdiqlaydi;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi vakolatli davlat organi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga asosan:

shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berilayotganda ushbu ma’lumotlarning xavfsizligiga bo‘lgan tahdidlarga qarab, ularning himoya qilinganlik darajasini;

shaxsga doir ma’lumotlar himoyasini ta’minlashga oid bo‘lgan, bajarilishi shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish chog‘ida ularning belgilangan himoya qilinganlik darajasini ta’minlaydigan talablarni;

biometrik va genetik ma’lumotlar mavjud bo‘lgan moddiy jismlarga hamda bunday ma’lumotlarni shaxsga doir ma’lumotlardan tashqarida saqlash texnologiyalariga oid talablarni belgilaydi.

8-modda. Shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi vakolatli davlat organi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi).

Vakolatli davlat organi:

shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiradi;

shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;

Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishning namunaviy tartibini tasdiqlaydi;

Mulkdorning va (yoki) operatorning shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berilishini hamda ularning himoya qilinishini ta’minlovchi tuzilmaviy bo‘linmasi yoki vakolatli shaxsi faoliyatini tashkil etishning namunaviy tartibini tasdiqlaydi;

Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reestrini yuritadi;

shaxsga doir ma’lumotlar bazasi Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reestrida ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma beradi;

shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan o‘z vakolatlari doirasida davlat nazoratini amalga oshiradi;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi;

davlat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi vakolatli davlat organlariga ularning faoliyati sohasiga nisbatan qo‘llaniladigan belgilangan ma’lumotlarni yuboradi;

shaxsga doir ma’lumotlarning zarur himoya qilinganlik darajasini belgilaydi;

ishlov beriladigan shaxsga doir ma’lumotlarning hajmi va mazmunini, faoliyat turini, shaxsga doir ma’lumotlar xavfsizligiga bo‘lgan tahdidlarning haqiqiyligini tahlil qiladi;

shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishlarini bartaraf qilish haqida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar kiritadi;

chet davlatlarning vakolatli organlari va xalqaro tashkilotlar bilan shaxsga doir ma’lumotlar sohasida hamkorlikni amalga oshiradi.

3-bob. Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish

9-modda. Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish ishtirokchilari

Sub’ekt va operator shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish ishtirokchilaridir. Sub’ektning qonuniy vakili, mulkdor va uchinchi shaxslar ham shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish ishtirokchilari sifatida ish yuritishi mumkin.

10-modda. Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish, tizimlashtirish va saqlash

Shaxsga doir ma’lumotlar bazasi mulkdor va (yoki) operator, shuningdek uchinchi shaxs tomonidan amalga oshiriladigan vazifalarni bajarish uchun zarur hamda yetarli bo‘lgan shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish yo‘li bilan shakllantiriladi.

Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish, tizimlashtirish tartibi va prinsiplari mulkdor va (yoki) operator tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi. Shaxsga doir ma’lumotlarni saqlash shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish chog‘ida ilgari bildirilgan maqsadlar talab etadigan darajada sub’ektni identifikatsiya qilish imkonini beradigan shaklda amalga oshiriladi.

Shaxsga doir ma’lumotlarni saqlash muddati ularni yig‘ish va ularga ishlov berish maqsadiga erishish sanasi bilan belgilanadi.

11-modda. Shaxsga doir ma’lumotlarni o‘zgartirish va to‘ldirish

Shaxsga doir ma’lumotlarni o‘zgartirish va to‘ldirish sub’ektning murojaati asosida, ushbu murojaat berilgan paytdan e’tiboran uch kunlik muddatdan kechiktirmay mulkdor va (yoki) operator tomonidan amalga oshiriladi.

Haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan shaxsga doir ma’lumotlarni o‘zgartirish va to‘ldirish bunday nomuvofiqlik aniqlangan paytdan e’tiboran darhol amalga oshiriladi.

12-modda. Shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanish

Mulkdorning, operatorning va uchinchi shaxsning faoliyati maqsadlarini amalga oshirishga qaratilgan shaxsga doir ma’lumotlar bilan harakatlar shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanishdir.

Mulkdor, operator va uchinchi shaxs tomonidan shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanish bu ma’lumotlarning zarur darajada himoya qilinishini ta’minlash sharti bilan faqat ushbu shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish bo‘yicha ilgari bildirilgan maqsadlar uchun amalga oshiriladi.

Mulkdor va (yoki) operatorning, shuningdek uchinchi shaxsning shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish bilan bog‘liq bo‘lgan xodimlari tomonidan shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanish faqat ularning o‘z kasbiy, xizmat yoki mehnat majburiyatlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.

Mulkdor va (yoki) operatorning, shuningdek uchinchi shaxsning shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish bilan bog‘liq bo‘lgan xodimlari o‘ziga ishonib topshirilgan yoki kasbiy, xizmat yoxud mehnat majburiyatlarini bajarishi sababli ma’lum bo‘lib qolgan shaxsga doir ma’lumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘ymasligi shart.

13-modda. Shaxsga doir ma’lumotlarni berish

Shaxsga doir ma’lumotlarni muayyan shaxsga oshkor etishga qaratilgan harakatlar shaxsga doir ma’lumotlarni berish hisoblanadi.

Shaxsga doir ma’lumotlarni davlat boshqaruvi organlariga berish bepul asosda amalga oshiriladi.

Sub’ekt o‘zining shaxsga doir ma’lumotlarini berishni rad qilgan taqdirda, o‘zining rad qilishi sabablarini ko‘rsatmaslik huquqiga ega.

14-modda. Shaxsga doir ma’lumotlarni tarqatish

Shaxsga doir ma’lumotlarni nomuayyan doiradagi shaxslarga oshkor etishga, shu jumladan shaxsga doir ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalarida hammaga ma’lum qilishga, Internet jahon axborot tarmog‘iga joylashtirishga yoki shaxsga doir ma’lumotlardan biror-bir boshqa usul bilan foydalanish imkonini berishga qaratilgan harakatlar shaxsga doir ma’lumotlarni tarqatishdir.

Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ishning ilgari bildirilgan maqsadlaridan chetga chiqilgan hollarda, ushbu ma’lumotlarni tarqatish sub’ektning roziligi bilan amalga oshiriladi.

15-modda. Shaxsga doir ma’lumotlarni transchegaraviy uzatish

Shaxsga doir ma’lumotlarni mulkdor va (yoki) operator tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga uzatish shaxsga doir ma’lumotlarni transchegaraviy uzatishdir.

Shaxsga doir ma’lumotlarni transchegaraviy uzatish shaxsga doir ma’lumotlar sub’ektlarining huquqlari bir xilda himoya qilinishini ta’minlovchi chet davlatlar hududiga amalga oshiriladi.

Shaxsga doir ma’lumotlarning bir xilda himoya qilinishini ta’minlamaydigan chet davlatlar hududiga shaxsga doir ma’lumotlarni transchegaraviy uzatish quyidagi hollarda amalga oshirilishi mumkin:

sub’ektning o‘z shaxsga doir ma’lumotlarini transchegaraviy uzatish bo‘yicha roziligi mavjud bo‘lganda;

O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini, aholining sog‘lig‘i va ma’naviyatini muhofaza qilish zarur bo‘lganda;

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollarda.

Shaxsga doir ma’lumotlarni transchegaraviy uzatish O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi asoslarini, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining ma’naviyatini, sog‘lig‘ini, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakat mudofaasini hamda davlat xavfsizligini ta’minlash maqsadida taqiqlanishi yoki cheklanishi mumkin.

16-modda. Shaxsga doir ma’lumotlarni egasizlantirish

Amalga oshirilishi natijasida shaxsga doir ma’lumotlarning muayyan sub’ektga tegishliligini aniqlash imkoni bo‘lmay qoladigan harakatlar shaxsga doir ma’lumotlarni egasizlantirishdir.

Tarixiy, statistik, sotsiologik, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berilayotganda mulkdor va operator, shuningdek uchinchi shaxs bu ma’lumotlarni egasizlantirishi shart.

17-modda. Shaxsga doir ma’lumotlarni yo‘q qilish

Amalga oshirilishi natijasida shaxsga doir ma’lumotlarni tiklash imkoni bo‘lmay qoladigan harakatlar shaxsga doir ma’lumotlarni yo‘q qilishdir.

Shaxsga doir ma’lumotlar mulkdor va (yoki) operator, shuningdek uchinchi shaxs tomonidan quyidagi hollarda yo‘q qilinishi lozim:

shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish maqsadiga erishilganda;

sub’ektning shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish uchun berilgan roziligi chaqirib olinganda;

shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishning sub’ekt bergan rozilik bilan belgilangan muddati o‘tganda;

sudning qarori qonuniy kuchga kirganda.

4-bob. Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish tartibi

18-modda. Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish shartlari

Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish ushbu Qonunning asosiy prinsiplariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.

Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:

sub’ekt bu ma’lumotlarga ishlov berishga rozilik berganda;

sub’ekt taraf bo‘lgan shartnomani bajarish uchun bu ma’lumotlarga ishlov berish yoki shunday shartnoma tuzilguniga qadar sub’ektning so‘roviga binoan choralar ko‘rish zarur bo‘lganda;

mulkdor va (yoki) operatorning qonun hujjatlarida belgilangan majburiyatlarini bajarish uchun bu ma’lumotlarga ishlov berish zarur bo‘lganda;

sub’ektning yoki boshqa shaxsning qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun bu ma’lumotlarga ishlov berish zarur bo‘lganda;

mulkdor va (yoki) operatorning yoki uchinchi shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirish uchun yoxud shaxsga doir ma’lumotlar sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilmasligi sharti bilan ijtimoiy ahamiyatga molik maqsadlarga erishish uchun bu ma’lumotlarga ishlov berish zarur bo‘lganda;

shaxsga doir ma’lumotlarga ularni majburiy ravishda egasizlantirish sharti bilan statistik yoki boshqa tadqiqot maqsadlarida ishlov berilganda;

agar bu ma’lumotlar hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan manbalardan olingan bo‘lsa.

Sub’ektning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish zarur bo‘lgan taqdirda, bu ma’lumotlarga ishlov berishga rozilik olish mumkin bo‘lgan paytga qadar sub’ektning roziligisiz yo‘l qo‘yiladi.

19-modda. Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishga oid talablar

Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishning maqsadlari mulkdor va (yoki) operatorning faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar, nizomlar, ta’sis hujjatlari yoki boshqa hujjatlar bilan belgilanadi hamda ushbu Qonunga muvofiq bo‘lishi kerak.

Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishning maqsadlari ularni yig‘ish chog‘ida ilgari bildirilgan maqsadlarga, shuningdek mulkdorning va (yoki) operatorning huquq va majburiyatlariga muvofiq bo‘lishi kerak.

Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishning maqsadi o‘zgargan taqdirda, mulkdor va (yoki) operator sub’ektning o‘z ma’lumotlariga o‘zgargan maqsadga muvofiq ishlov berilishi uchun roziligini olishi kerak.

Shaxsga doir ma’lumotlar aniq va ishonchli bo‘lishi, zarur bo‘lgan taqdirda esa o‘zgartirilishi va to‘ldirilishi kerak.

Shaxsga doir ma’lumotlar bazasiga kiritilishi mumkin bo‘lgan shaxsga doir ma’lumotlarning hajmi sub’ekt tomonidan ushbu Qonunga muvofiq belgilanadi. Ishlov beriladigan shaxsga doir ma’lumotlarning hajmi va xususiyati ularga ishlov berish maqsadlari va usullariga muvofiq bo‘lishi kerak.

Shaxsga doir ma’lumotlarga sub’ektni identifikatsiya qilishga yo‘l qo‘yiladigan shaklda yoki egasizlantirilgan tarzda ishlov beriladi.

Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish muddati sub’ektning o‘z shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishga roziligi amal qiladigan muddatdan oshib ketmasligi kerak.

20-modda. Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi

Shaxsga doir ma’lumotlar bazalari Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reestrida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.

Shaxsga doir ma’lumotlar bazasini ro‘yxatdan o‘tkazish ariza berish prinsipi orqali xabardor qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Shaxsga doir ma’lumotlar bazasini Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reestrida ro‘yxatdan o‘tkazish haqidagi ariza vakolatli davlat organiga beriladi.

O‘z tarkibida:

jamoat birlashmasining yoki diniy tashkilotning ishtirokchilariga (a’zolariga) taalluqli bo‘lgan hamda tegishincha jamoat birlashmasi yoki diniy tashkilot tomonidan ishlov beriladigan shaxsga doir ma’lumotlar, ularni uchinchi shaxslarga tarqatmaslik yoki oshkor etmaslik sharti bilan;

sub’ekt tomonidan hamma foydalanishi mumkin qilib qo‘yilgan;

sub’ektlarning faqat familiyasini, ismini va otasining ismini o‘z ichiga olgan;

sub’ektning mulkdor va (yoki) operator turgan hududga bir martalik kirishi uchun yoki boshqa shunga o‘xshash maqsadlar uchun zarur bo‘lgan;

avtomatlashtirilgan davlat axborot tizimlari maqomiga ega bo‘lgan shaxsga doir ma’lumotlarning axborot tizimlariga kiritilgan;

avtomatlashtirish vositalaridan foydalanmagan holda ishlov beriladigan;

mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq ishlov beriladigan shaxsga doir ma’lumotlar mavjud bo‘lgan shaxsga doir ma’lumotlar bazalari ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi.

Mulkdor va (yoki) operator tegishli shaxsga doir ma’lumotlar bazasini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarning har bir o‘zgarishi to‘g‘risida vakolatli davlat organini bunday o‘zgarish yuzaga kelgan kundan e’tiboran o‘n kalendar kundan kechiktirmay xabardor qilishi shart.

21-modda. Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishga rozilik berish va rozilikni chaqirib olish tartibi

Sub’ekt shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish uchun rozilikni uning olinganligi faktini tasdiqlash imkonini beruvchi har qanday shaklda beradi.

Shaxsga doir maxsus ma’lumotlarga ishlov berish uchun sub’ektning yozma shakldagi, shu jumladan elektron hujjat tarzidagi roziligi talab etiladi.

Sub’ekt muomalaga layoqatsiz bo‘lgan yoki uning muomala layoqati cheklangan taqdirda, uning qonuniy vakili sub’ektning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish uchun yozma ravishda, shu jumladan elektron hujjat tarzida rozilik beradi.

Voyaga yetmagan sub’ektlarning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish uchun ularning ota-onalari (vasiylari, homiylari), ular yo‘qligida esa vasiylik va homiylik organlari yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat tarzida rozilik beradi.

Sub’ekt vafot etgan taqdirda, uning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish uchun rozilikni, agar sub’ekt hayotligi chog‘ida bunday rozilikni bermagan bo‘lsa, uning merosxo‘rlari yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat tarzida beradi.

Sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilingan, bedarak yo‘qolgan deb topilgan sub’ektning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish uning merosxo‘rlarining yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat tarzida berilgan roziligiga ko‘ra amalga oshiriladi.

Sub’ekt shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish uchun berilgan rozilikni ushbu rozilik qanday shaklda berilgan bo‘lsa, shunday shaklda yoxud yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat tarzida chaqirib oladi.

22-modda. Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishga taalluqli axborotni taqdim etish tartibi

Sub’ekt o‘zining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishga taalluqli bo‘lgan, quyidagilar ko‘rsatilgan axborotni olish huquqiga ega:

shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berilganligi faktining tasdig‘i;

shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish asoslari va maqsadlari;

shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishda qo‘llaniladigan usullar;

mulkdorning va (yoki) operatorning nomi hamda ularning (uning) joylashgan yeri (pochta manzili), shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan yoxud mulkdor va (yoki) operator bilan tuzilgan shartnoma asosida yoki qonun asosida shaxsga doir ma’lumotlar o‘ziga oshkor qilinishi mumkin bo‘lgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar;

tegishli sub’ektga taalluqli bo‘lgan, ishlov beriladigan shaxsga doir ma’lumotlarning tarkibi, ularni olish manbai, agar ushbu Qonunda bunday ma’lumotlarni taqdim etishning boshqacha tartibi nazarda tutilgan bo‘lmasa;

shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish muddatlari, shu jumladan ularni saqlash muddatlari;

ushbu Qonunning 30-moddasida nazarda tutilgan huquqlarning sub’ekt tomonidan amalga oshirilish tartibi;

shaxsga doir ma’lumotlarning amalga oshirilgan yoki mo‘ljallanilayotgan transchegaraviy uzatilishi to‘g‘risidagi axborot.

Sub’ektga o‘zining shaxsga doir ma’lumotlarini taqdim etish boshqa shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan hollarda, sub’ektning o‘z shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berilishiga taalluqli axborotni olishga bo‘lgan huquqi cheklanishi mumkin.

Sub’ektning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishga taalluqli axborotni uchinchi shaxsga taqdim etish tartibi sub’ektning shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish uchun roziligi shartlariga ko‘ra belgilanadi.

Mulkdor va (yoki) operator quyidagi hollarda sub’ektga uning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishga taalluqli axborotni taqdim etish majburiyatidan ozod etiladi, agar:

sub’ekt o‘zining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishni amalga oshirish to‘g‘risida ilgari xabardor qilingan bo‘lsa;

shaxsga doir ma’lumotlar sub’ekt tomonidan hamma foydalana oladigan qilingan bo‘lsa yoki hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan manbadan olingan bo‘lsa;

bunday axborotning berilishi jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga olib keladigan bo‘lsa.

Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishga taalluqli axborotni taqdim etishni rad qilish to‘g‘risidagi xabarnoma so‘rov bergan sub’ektga o‘n kun ichida yozma shaklda yuboriladi.

Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishga taalluqli axborotni taqdim etishni rad qilish to‘g‘risidagi qaror ustidan sub’ekt vakolatli davlat organiga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin.

23-modda. Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish chog‘idagi harakatlar to‘g‘risida xabardor qilish

Sub’ekt o‘zining shaxsga doir ma’lumotlari shaxsga doir ma’lumotlar bazasiga kiritilayotganda shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish maqsadlari, ushbu Qonunning 30-moddasida belgilangan o‘z huquqlari haqida yozma shaklda xabardor qilinishi kerak.

Shaxsga doir ma’lumotlar uchinchi shaxsga berilgan taqdirda, mulkdor va (yoki) operator bu haqda sub’ektni uch kun ichida yozma shaklda xabardor qiladi.

Sub’ektni yozma shaklda xabardor qilish quyidagi hollarda amalga oshirilmaydi:

davlat organlari o‘z vakolatlarini amalga oshirayotganda;

shaxsga doir ma’lumotlar tarixiy, statistik, sotsiologik yoki ilmiy maqsadlarda ishlov berish uchun berilganda;

shaxsga doir ma’lumotlar hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan manbalardan yig‘ilganda.

24-modda. Shaxsga doir ma’lumotlarga avtomatlashtirilgan tarzda ishlov berish

Sub’ekt o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan, yuridik oqibatlarni keltirib chiqaradigan o‘z shaxsga doir ma’lumotlariga faqat avtomatlashtirilgan tarzda ishlov berish asosida qaror qabul qilishga duchor etilmaslik huquqiga ega, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.

Quyidagi hollarda sub’ektning shaxsga doir ma’lumotlariga faqat avtomatlashtirilgan tarzda ishlov berish asosida qaror qabul qilinishi mumkin:

sub’ektning yozma shakldagi, shu jumladan elektron hujjat tarzidagi roziligi mavjud bo‘lganda;

agar qaror mulkdor va sub’ekt o‘rtasidagi shartnomani ijro etish yoki ilgari tuzilgan shartnoma shartlarini bajarish uchun qabul qilinayotgan bo‘lsa;

qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda.

Mulkdor va (yoki) operator sub’ektga uning shaxsga doir ma’lumotlariga faqat avtomatlashtirilgan tarzda ishlov berish asosida qaror qabul qilish tartibini va bunday qarorning ehtimoldagi yuridik oqibatlarini tushuntirishi, bunday qarorga e’tiroz bildirish imkoniyatini berishi, shuningdek sub’ekt tomonidan o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tartibini tushuntirishi shart.

Mulkdor va (yoki) operator ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan e’tirozni ko‘rib chiqishi hamda bunday e’tirozni ko‘rib chiqish natijalari haqida sub’ektni o‘n kun ichida yozma shaklda xabardor qilishi shart.

25-modda. Shaxsga doir maxsus ma’lumotlarga ishlov berish

Irqiy yoki ijtimoiy kelib chiqishga oid ma’lumotlar, siyosiy, diniy yoki dunyoqarashga oid e’tiqodlar, siyosiy partiyalar va kasaba uyushmalariga a’zolik to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek jismoniy yoki ruhiy (psixik) salomatlikka taalluqli ma’lumotlar, shaxsiy hayot va sudlanganlik to‘g‘risidagi ma’lumotlar shaxsga doir maxsus ma’lumotlardir.

Shaxsga doir maxsus ma’lumotlarga ishlov berish taqiqlanadi, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.

Shaxsga doir maxsus ma’lumotlarga ishlov berishga quyidagi hollarda yo‘l qo‘yiladi:

vakolatli davlat organi tomonidan davlat xavfsizligini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilishni ta’minlash maqsadida;

agar sub’ekt o‘z shaxsga doir maxsus ma’lumotlariga ishlov berish uchun yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat tarzida rozilik bergan bo‘lsa;

agar shaxsga doir maxsus ma’lumotlar sub’ekt tomonidan hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan manbalarda e’lon qilingan bo‘lsa;

sub’ektning yoki boshqa shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida;

qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi, ijro ishini yuritish doirasida sudlar va tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati amalga oshirilayotganda;

jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlar prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilayotganda;

davlat statistika organlari faoliyati amalga oshirilayotganda, shuningdek boshqa davlat organlari tomonidan statistika maqsadlari uchun shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanilganda, ularni egasizlantirish sharti bilan;

tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilayotganda yoki tibbiy tashxis, davolash belgilanayotganda, bunday ma’lumotlarga shaxsga doir ma’lumotlarning himoya qilinishini ta’minlash majburiyati zimmasiga yuklatilgan tibbiyot xodimi yoki sog‘liqni saqlash muassasasining boshqa shaxsi tomonidan ishlov berilishi sharti bilan;

mehnatga doir munosabatlar sohasidagi huquqlar amalga oshirilayotganda va majburiyatlar bajarilayotganda;

sub’ekt muomalaga layoqatsiz bo‘lgan yoki uning muomala layoqati cheklangan taqdirda sub’ektning yoki uchinchi shaxsning qonuniy manfaatlarini himoya qilish ta’minlanayotganda;

shaxsga doir ma’lumotlar, shu jumladan saylab qo‘yiladigan davlat lavozimlariga nomzodlarning shaxsga doir ma’lumotlari hammaga e’lon qilinganda;

nodavlat notijorat tashkiloti, diniy tashkilot, siyosiy partiya yoki kasaba uyushmasi faoliyati amalga oshirilayotganda, ishlov berish faqat shu tashkilotlar va birlashmalar a’zolarining yoki xodimlarining shaxsga doir ma’lumotlariga taalluqli bo‘lishi hamda sub’ektlarning roziligisiz uchinchi shaxsga berilmasligi sharti bilan;

ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berilayotganda, bu bolalar fuqarolarning oilalariga tarbiyalash uchun joylashtirilayotganda (patronat) hamda vasiylik va homiylikni ta’minlash bo‘yicha boshqa chora-tadbirlar amalga oshirilayotganda;

shaxsga doir ma’lumotlarga davlat xavfsizligini ta’minlash maqsadida ishlov berilayotganda;

sudlanganlik to‘g‘risidagi ma’lumotlarga o‘z vakolatlari doirasida davlat organlari, shuningdek boshqa shaxslar tomonidan ishlov berilayotganda.

26-modda. Biometrik va genetik ma’lumotlarga ishlov berish

Sub’ektning anatomik va fiziologik o‘ziga xos xususiyatlarini tavsiflovchi shaxsga doir ma’lumotlar biometrik ma’lumotlardir.

Sub’ektning nasldan-naslga o‘tgan yoki orttirilgan xususiyatlariga taalluqli bo‘lgan, sub’ektning biologik qiyofasini tahlil qilish yoki muqobil axborot olish imkonini beradigan boshqa elementni tahlil qilish natijasi bo‘lgan shaxsga doir ma’lumotlar genetik ma’lumotlardir.

Sub’ektning shaxsini aniqlash uchun foydalaniladigan biometrik va genetik ma’lumotlarga faqat mazkur sub’ektning roziligi mavjud bo‘lgan taqdirda, bundan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini ro‘yobga chiqarish, odil sudlovni amalga oshirish, ijro ishini yuritish bilan bog‘liq hollar mustasno, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda ishlov berilishi mumkin.

Elektron shakldagi biometrik va genetik ma’lumotlardan axborot tizimlaridan tashqarida foydalanish va ularni shunday tizimlardan tashqarida saqlash faqat ulardan ruxsatsiz foydalanishni istisno etadigan axborot tashuvchi moddiy jismlarda amalga oshirilishi mumkin.

5-bob. Shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish

27-modda. Shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish kafolatlari

Davlat shaxsga doir ma’lumotlarning himoya qilinishini kafolatlaydi.

Mulkdor va (yoki) operator, shuningdek uchinchi shaxs shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha quyidagilarni ta’minlaydigan huquqiy, tashkiliy va texnik choralarni ko‘radi:

sub’ektning o‘z shaxsiy hayotiga aralashuvdan himoya qilinish huquqi amalga oshirilishini;

shaxsga doir ma’lumotlarning yaxlitligini va but saqlanishini;

shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligiga rioya etilishini;

shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berilishining oldi olinishini.

28-modda. Shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi

Sub’ektning roziligisiz yoki boshqa qonuniy asos mavjud bo‘lmagani holda shaxsga doir ma’lumotlarni oshkor etish va tarqatishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida mulkdor va (yoki) operator yoki shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat olgan boshqa shaxs tomonidan rioya etilishi majburiy bo‘lgan talab shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligidir.

Mulkdor va (yoki) operator hamda shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat olgan boshqa shaxslar sub’ektning roziligisiz shaxsga doir ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor etmasligi va tarqatmasligi shart.

29-modda. Hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan shaxsga doir ma’lumotlar

Sub’ektning roziligi bilan erkin foydalanilishi mumkin bo‘lgan yoki maxfiylikka rioya etishga doir talablar tatbiq etilmaydigan shaxsga doir ma’lumotlar hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan shaxsga doir ma’lumotlardir.

Aholini axborot bilan ta’minlash maqsadida shaxsga doir ma’lumotlarning hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan manbalari (shu jumladan biografik ma’lumotnomalar, telefon, manzil kitoblari, hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan elektron axborot resurslari) yaratilishi mumkin.

Shaxsga doir ma’lumotlarning hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan manbalariga sub’ektning yozma roziligi bilan uning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili va joyi, manzili, abonent raqami, kasbi to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda sub’ekt tomonidan ma’lum qilinadigan boshqa shaxsga doir ma’lumotlar kiritilishi mumkin.

Sub’ekt haqidagi ma’lumotlar shaxsga doir ma’lumotlarning hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan manbalaridan uning murojaatiga ko‘ra, rozilik qanday shaklda berilgan bo‘lsa, shunday shaklda yoki yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat tarzida, shuningdek vakolatli davlat organining yoki sudning qaroriga ko‘ra chiqarib tashlanishi mumkin.

6-bob. Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari

30-modda. Sub’ektning huquq va majburiyatlari

Shaxsga doir ma’lumotlar sub’ekti:

mulkdorda va (yoki) operatorda, shuningdek uchinchi shaxsda o‘z shaxsga doir ma’lumotlari va ularning tarkibi mavjudligini bilish;

mulkdordan va (yoki) operatordan shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish to‘g‘risidagi axborotni so‘rov bo‘yicha olish:

mulkdordan va (yoki) operatordan o‘zining shaxsga doir ma’lumotlaridan foydalanish imkoniyatini berish shartlari to‘g‘risida axborot olish;

o‘zining shaxsga doir ma’lumotlariga nisbatan huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari yuzasidan vakolatli davlat organiga yoki sudga murojaat etish;

o‘z shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish uchun rozilik berish va bunday rozilikni chaqirib olish, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno;

o‘zining shaxsga doir ma’lumotlarini shaxsga doir ma’lumotlarning hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan manbalarida tarqatilishi uchun mulkdorga va (yoki) operatorga, shuningdek uchinchi shaxsga rozilik berish;

agar shaxsga doir ma’lumotlar to‘liq bo‘lmasa, eskirgan, noaniq bo‘lsa, qonunga xilof ravishda olingan bo‘lsa yoki ishlov berish maqsadlari uchun zarur bo‘lmasa, mulkdordan va (yoki) operatordan o‘zining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishni vaqtincha to‘xtatib turishni talab qilish huquqiga ega.

Muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan sub’ektning shaxsga doir ma’lumotlarini tasarruf etishni uning qonuniy vakili amalga oshiradi.

O‘zining shaxsga doir ma’lumotlarini O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi asoslarini, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining ma’naviyatini, sog‘lig‘ini, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakat mudofaasini hamda davlat xavfsizligini ta’minlash maqsadlarida taqdim etish sub’ektning majburiyatidir.

31-modda. Mulkdorning va (yoki) operatorning huquq va majburiyatlari

Mulkdor va (yoki) operator shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishni amalga oshirish huquqiga ega.

Mulkdor va (yoki) operator:

shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etishi;

sub’ektning murojaatiga ko‘ra uning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishga taalluqli axborotni taqdim etishi;

o‘zi vazifalarini bajarish uchun zarur va yetarli bo‘lgan shaxsga doir ma’lumotlar tarkibini tasdiqlashi;

shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishdan ko‘zlangan maqsadga erishilgan taqdirda, shuningdek ushbu Qonunda belgilangan boshqa hollarda ularni yo‘q qilish choralarini ko‘rishi;

qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda sub’ektning o‘z shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish uchun roziligi olinganligi dalilini taqdim etishi;

basharti yangi ma’lumotlarning ishonchliligi hujjatlar bilan tasdiqlansa, shaxsga doir ma’lumotlarni o‘zgartirishi va (yoki) to‘ldirishi yoxud bunday o‘zgartirish va (yoki) to‘ldirishni kiritish imkoni bo‘lmagan taqdirda bu ma’lumotlarni yo‘q qilishi;

shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish shartlari buzilganligi to‘g‘risida axborot mavjud bo‘lgan taqdirda, ularga ishlov berishni vaqtincha to‘xtatishi yoki ularni yo‘q qilishi;

sub’ektning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishni vaqtincha to‘xtatish va (yoki) ularni yo‘q qilish uchun sub’ekt tomonidan hujjatlarni elektron tarzda berish imkoniyatini ta’minlashi;

shaxsga doir ma’lumotlar o‘zgartirilgan, yo‘q qilingan va ulardan foydalanish cheklangan hollarda sub’ektni, shuningdek shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishning boshqa ishtirokchilarini yozma shaklda xabardor qilishi;

shaxsga doir ma’lumotlar uchinchi shaxsga berilgan taqdirda, sub’ektni yozma shaklda xabardor qilishi;

o‘z mulki bo‘lgan va (yoki) ishlov berilayotgan shaxsga doir ma’lumotlar bazalarini ro‘yxatdan o‘tkazishi;

shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha zarur huquqiy, tashkiliy va texnik choralarni ko‘rishi shart.

Mulkdor va (yoki) operator shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishni quyidagi hollarda uchinchi shaxsga topshirishga haqli:

sub’ektning yozma shakldagi, shu jumladan elektron hujjat tarzidagi roziligi mavjud bo‘lgan taqdirda;

agar qaror mulkdor va sub’ekt o‘rtasidagi shartnomani ijro etish yoki ilgari tuzilgan shartnoma shartlarini bajarish uchun qabul qilinayotgan bo‘lsa;

qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda.

Mulkdorning va (yoki) operatorning, shuningdek uchinchi shaxsning shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha majburiyatlari shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish paytidan e’tiboran vujudga keladi va ular yo‘q qilib tashlangan yoki egasizlantirilgan paytga qadar amal qiladi.

Mulkdor va (yoki) operator shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish va ularni himoya qilish bilan bog‘liq ishlar uchun mas’ul bo‘lgan tarkibiy bo‘linmani yoki mansabdor shaxsni belgilaydi hamda uning ishini Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishning namunaviy tartibiga muvofiq ta’minlaydi.

7-bob. Yakunlovchi qoidalar

32-modda. Nizolarni hal etish

Shaxsga doir ma’lumotlar sohasida yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

33-modda. Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

34-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash

Vakolatli davlat organi boshqa manfaatdor vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan birgalikda ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

35-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

36-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun 2019 yil 1 oktabrdan e’tiboran kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasining

Prezidenti                                 Sh. Mirziyoev